Yangiliklar
RASMIY MUNOSABAT
16-may 2024-yil
Ijtimoiy tarmoqlarda “Maktabgacha va Maktab Ta’limi Vaziri 2024-yil 30-yanvardagi “2024-2025-o‘quv yili uchun Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan MAKTABlar RO‘YXATini shakllantirish MЕZONlarini tasdiqlash to‘g‘risida"gi 24-sonli BUYRUG‘I bor, unga yana qo‘shimcha qilib 2024-yil 26-mart kunigi 95-son BUYRUG‘I ham chiqdi, xo‘sh NATIJA qani?” deyilgan murojaat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi.
Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatini shakllantirishda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 30-yanvardagi “Ta’lim darajasi yuqori bo‘lmagan maktablar ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha baholash mezonlari to‘g‘risida”gi 24-sonli buyrug‘i tasdiqlangan. Ushbu buyruq asosida boshqarmaning tegishli buyrug‘i ishlab chiqilib, viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan 1264 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari tegishli mezonlar asosida baholanib, viloyat bo‘yicha 1264 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablaridan 69 tasi ta’lim sifati past maktablar ro‘yxatiga kiritildi.
Ushbu maktablarda ta’lim sifatini oshirish uchun mezonlar asosida tizimli ishlar yo‘lga qo‘yildi.
Viloyatda birorta ham bitiruvchisi OTMlarga kirmagan umumta’lim maktablarining 11 tasida faoliyat yuritayotgan direktorlar bilan mehnat shartnomasi bekor qilindi. Shuningdek, OTMlarga hujjat topshirib, o‘quvchilari 56,7 balldan past ball to‘plagan maktablarda ta’lim sifatini oshirish maqsadida, “Samarqand tajribasi” asosida viloyatda pedagogik yo‘nalishda foaliyat ko‘rsatayotgan OTMlar biriktirilib, hamkorlik bo‘yicha memorandumlar imzolandi. OTMlarga kirish yo‘nalishlari bo‘yicha boshqarma tomonidan diagnostik testlar tayyorlanib, 11-sinf o‘quvchilaridan testlar olindi va tahlil qilinib, bo‘shliqlarni to‘ldirish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi va har bir maktabga boshqarmadan mas’ul xodimlar biriktirildi.
Pedagog kadrlar sifat tarkibi (malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilar hamda oliy ma’lumotli pedagoglar ulushi)ni oshirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Xabaringiz bor, 2022-yil fevral oyidan buyon “Samarqand tajribasi” sifatida “mobil metodik guruhlar” faoliyati tashkil etilgan.
Ushbu guruhlarda mutaxassis va ikkinchi toifali o‘qituvchilarni malakasini oshirish maqsadida onlayn malaka darslari tashkil qilingan.
Birgina, 2023-2024-o‘quv yilida (sentyabr-dekabr oylari) 7 ta umumta’lim (ona tili va adabiyot, matematika, tarix, kimyo, biologiya, fizika, informatika) fanlaridan 2 837 nafar pedagoglarga 102 nafar trener-o‘qituvchilar tomonidan darslar o‘tildi. Mashg‘ulotlar 16 ta tuman (shahar)lardagi 27 ta tayanch maktablarda tashkil etildi. Bunga mahalliy budjet hisobidan 1199 520,0 so‘m mablag‘ ajratildi va trener o‘qituvchilarga to‘lab berildi.
Bugungi kunda viloyatda 61016 nafar o‘qituvchi faoliyat yuritib, Pedagoglarning 5654 nafari (9 %) oliy toifali,
11 263 nafari (18%) birinchi toifali, 14 375 nafari (24 %) ikkinchi toifalidir.
Ayni kunlarda o‘tkazilayotgan pedagog kadrlar attestatsiyasida 21 374 nafar o‘qituvchilar toifalarini yangilash imkoniyatiga ega.
Fan olimpiadasidagi o‘quvchilarning ishtirokini oshirish bo‘yicha tahlillarga murojaat qiladigan bo‘lsak, 2023-yilning 4-,10- va 28-30-noyabr kunlari Asosiy fan olimpiadasining uchinchi (viloyat) bosqichi o‘tkazildi. (Ushbu olimpiadaning maktab, tuman,shahar bosqichlarida barcha iqtidorli o‘quvchilar qamrab olinishiga erishildi). Olimpiada jarayonida 14 ta fandan umumiy o‘rta ta’lim, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tasarrufidagi ta’lim muassasalari, nodavlat ta’lim muaassasalari, akademik litseylar hamda kasb-hunar maktablaridan jami 3038 nafar o‘quvchi ishtirok etdi.
Joriy yilning 24-31-mart kunlari respublikamizning 5 ta hududida (Nukus, Termiz, Toshkent, Qarshi hamda Samarqand shahrida) o‘tkazilgan Asosiy fan olimpiadasining IV (respublika) bosqichida Samarqand viloyatidan umumta’lim fanlari bo‘yicha 42 nafar 11-sinf (akademik litsey va kasb-xunar maktabidan 2 kurs) o‘quvchisi hamda 12 nafar 59-“Nurli maskan” (ko‘zi ojiz o‘quvchilar) maktab-internati o‘quvchilari ishtirok etdi hamda 9 nafari sovrinli (1-2-3-) o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Respublikada sovrinli o‘rinlar soni bo‘yicha Samarqand viloyati 1-o‘rinni egalladi. Ushbu natijaning o‘zini, ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha viloyatda amalga oshirilayotgan islohotlar mevasi deyish mumkin.
Shuningdek, 7-8-sinf o‘quvchilari o‘rtasida Al-Xorazmiy nomidagi aniq va tabiiy fanlar olimpiadasi, Samarqand viloyati hokimi tashabbusi bilan umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari o‘rtasida 15 ta umumta’lim fanlari doirasida “Viloyat hokimi fan olimpiadasi” va boshqa bir qator olipiadalarning maktab, tuman, viloyat bosqichlarida o‘quvchilarning faol ishtiroki yo‘lga qo‘yilib, ijobiy natijalarga erishib kelinmoqda.
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati