Yangiliklar
“MOBIL MЕTODIK GURUHLARI” TINGLOVCHILARI UCHUN YAKUNIY SINOV IMTIHONLARI BO‘LIB O‘TMOQDA
4-iyun 2024-yil
Samarqand viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan viloyatning 15 ta hududlaridagi belgilangan tayanch maktablarida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari uchun metodik yordam beruvchi navbatdagi “mobil metodik guruhlari” tinglovchilarining yakuniy sinov imtihonlari o‘tkazilmoqda.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28- yanvar kuni o‘tkazilgan maktab ta’limini rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarga asosan, joriy yil 3-fevralda “Xalq ta’limi tizimini isloh qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 22-sonli Farmoyishi tasdiqlandi.
Ushbu Farmoyishning 4-ilovasi 15-bandiga asosan maktab o‘qituvchilariga metodik yordam beruvchi “mobil metodik guruhlar” tashkil etish vazifasi belgilangan. Mazkur Farmoyish ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi bilan O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti va hududiy malaka oshirish markazi hamkorligida mutaxassis va ikkinchi toifali o‘qituvchilarning malakasini oshirish borasida o‘zaro kelishuvlar amalga oshirildi.
Shu asosda “Samarqand tajribasi” sifatida mutaxassis va ikkinchi toifali o‘qituvchilarga metodik yordam beruvchi “mobil metodik guruhlar” tomonidan 15 ta hududda 4 oy davomida o‘tkaziladigan o‘quv mashg‘ulotlari haftaning belgilangan bir kuni oflayn (an’anaviy), haftaning boshqa kunlarida esa onlayn (masofaviy) shaklda olib borilishi belgilangandi. Viloyat bo‘yicha jami 7 ta fanlar (MATEMATIKA, KIMYO, BIOLOGIYA, FIZIKA, INFORMATIKA, ONA TILI VA ADABIYOT, TARIX ) kesimida 1363 nafardan ortiq pedagoglar ro‘yxati shakllantirildi.
Samarqand viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi axborot xizmati